Grippga qarshi mustahkam to‘siq

Ommaviy axborot vositalarida pandemiya tusini olgan yangi A(H1N1) grippi bo‘yicha epidemiologik vaziyat dunyo miqyosida tobora murakkablashayotgani xabar qilinmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yuzdan ziyod mamlakatda ushbu kasallik qayd etilgani, 450 mingdan ortiq odam bu gripp bilan xastalangani va ularning besh yarim mingdan ko‘prog‘i hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi.

Yurtimizda aholi salomatligini muhofazalash va epidemiologik barqarorlikni ta’minlash, yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktika ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘rilayotgan izchil chora-tadbirlar tufayli A(H1N1) grippi mamlakatimizga kirib kelishining oldi olinayotir.

Bu boradagi vaziyatni muntazam nazorat qilish, xalqimizning tibbiy madaniyatini yuksaltirish va profilaktika ishlarini kuchaytirish tibbiy-ijtimoiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir. Bunday chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat, jamoat tashkilotlari, tibbiyot va ta’lim muassasalari tomonidan izchil ish olib borilmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Erkin Musaboyev bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘tkir virusli gripp infeksiyasi tez-tez yangilanish xususiyatiga ega. O‘tgan yillarda parranda grippi shaklida namoyon bo‘lgan bu kasallik endi yangi tusda tarqalmoqda. A(H1N1) grippi deb nom olgan o‘tkir virusli infeksiya o‘z vaqtida aniqlanib, davolanmasa, og‘ir asoratlar bilan tugashi kuzatilayotir. Shu bois mazkur xastalikni bartaraf etish uchun muntazam kurashish pandemiyaga qarshi mustahkam to‘siq bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda mamlakatimizga A(H1N1) grippi kirib kelishining oldini olish, mavsumiy gripp va o‘tkir respiratorli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, aholining faol guruhi mavsumiy grippga qarshi emlandi. Qariyb ellik ming nafar shifokor pandemik grippning epidemiologiyasi, klinikasi, diagnostikasi va davolash usullari bo‘yicha malaka oshirdi. Zarur dori-darmonlar zahirasi yaratildi. Institutimizning virusologiya laboratoriyasi zarur miqdordagi diagnostikumlar, test-sistemalar bilan ta’minlandi. Gripp va boshqa kasalliklarning viruslarini tez aniqlash imkoniyatini beradigan qo‘shimcha PSR apparatlari o‘rnatildi. Bular Prezidentimiz rahnamoligida tibbiyot sohasi rivojiga, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor samarasidir.

Kasalliklarni tahlil etishda polimer zanjirli reaksiya usulidan foydalanish yo‘lga qo‘yilgani diagnostika ishlarini tez va samarali amalga oshirish imkonini bermoqda. Ilgari uch-to‘rt kunda aniq bo‘lgan tahlillar bugun uch-to‘rt soat ichida aniqlanmoqda. Olim va shifokorlarimizning hamkorlikdagi izlanishlari natijasida diagnostika ishlarini yuqori texnologiyalar yordamida tez va aniq bajarish uchun zarur me’yoriy va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib joylarga yetkazildi.

Institutimiz olimlarining ilmiy izlanishlari natijasini hayotga tatbiq etish va jahon tibbiyotining ilg‘or texnologiyalaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday yangiliklarni tibbiyotimizning bircha tizimlariga to‘la joriy etish maqsadida seminarlar va o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlar muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Gripp pandemiyasining oldini olishga oid tadbirlar doirasida bunday ishlar yanada kengaymoqda. Qariyb yigirma nafar olim va mutaxassis viloyatlarga chiqib, yuqumli kasalliklar shifoxonalari, sanitariya-epidemiologiya sohasi mutaxassislari ishtirokida o‘quv seminarlari o‘tkazdi. Bunday tadbirlarda bir ming ikki yuzdan ziyod trener tayyorlandi. O‘z navbatida ushbu mutaxassislar joylardagi klinikalar va birlamchi shifo maskanlari shifokorlarining bu yo‘nalishdagi bilim va malakasini oshirish bo‘yicha ham ish olib bormoqdalar.

Yangi grippning paydo bo‘lish alomatlari ko‘p jihatdan oddiy grippga o‘xshaydi. Ya’ni, bosh va mushaklar og‘rig‘i, ishtaha pasayishi, holsizlik, tumov, haroratning oshishi, ich ketishi kuzatiladi. Bunday holatda zudlik bilan shifokorni uyga chaqirish tavsiya etiladi. Mamlakatimizdagi barcha tibbiyot maskanlari bunday holda bemorga birlamchi yordam ko‘rsatish uchun yetarli imkoniyat va malakaga ega. Yurtimizdagi klinikalar va davolash muassasalari yuqumli kasalliklar bilan xastalangan bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmonlar bilan ta’minlangan.

Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Virusolog mutaxassislar kasallikning oldini olish va unga qarshi kurashishning eng maqbul usuli sifatida qator tavsiyalar bermoqda. Oddiy usullardan biri og‘iz va burunga niqob taqishdir. Gripp asosan havo orqali yuqadi. To‘g‘ri va ratsional ovqatlanish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish ham profilaktikaning muhim shartlaridan. Bu gripp va o‘tkir respiratorli kasalliklarning oldini olishda eng samarali usul hisoblanadi.

Emlash tadbirlarini o‘tkazish, tozalikka rioya etish, xonadonlarda isiriq tutatib turish, dizenfeksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish ham epidemiyaning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda shifokorlar bunday tavsiyalarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida mahallalarda, ta’lim maskanlarida muloqotlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etmoqda.

O‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lgan, jismoniy faollikka intilgan, belgilangan muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tib, shifokorlarning tavsiyalariga amal qilgan insonning immuniteti tashqi ta’sirlarga chidamli bo‘ladi.

Manba: O’zA 


March 2024
M T W T F S S
« Apr    
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031

Архив статей