Milliy pasport tizimi takomillashmoqda

777.jpgMamlakatimiz fuqarolari dunyoning qaysi davlatiga bormasin, ularning qo‘lida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti bo‘ladi. Bu ulug‘ ne’mat, baxt ekanini ba’zan chuqur o‘ylab ko‘rmaymiz. Hech kimga qaram bo‘lmagan, barcha davlatlar bilan teng huquqqa ega davlatning fuqarosi bo‘lish, aniqroq aytganda, uning himoyasida bo‘lish tom ma’nodagi baxtdir.

Yurtimizda xalqimiz huquq va manfaatlariga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun ushbu jarayonning muhim huquqiy asoslaridandir. Ushbu qonunning 1-moddasida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida o‘z fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi.

– Mazkur qonun mamlakatimizda milliy pasport tizimi yaratilishi va shakllanishi uchun huquqiy asos bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Alisher Toshmetov O‘zA muxbiriga. – Qonun qabul qilingandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini joriy qilish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Natijada hozir amalda bo‘lgan milliy pasportimiz yaratildi. 1995 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarimizga O‘zbekiston Respublikasining yangi fuqarolik pasportlari rasmiylashtirila boshlandi.

Mamlakatimizda boshqa sohalar kabi pasport tizimi ham xalqaro andozalarga mos tarzda takomillashtirilmoqda. Joriy yil 23 iyunda Prezidentimiz Islom Karimovning “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingani bu boradagi muhim qadam bo‘ldi.

Qayd etish joizki, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi Chikago konvensiyasi (1944 yil dekabr) va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) Monreal Assambleyasining 2004 yildagi qaroriga (rezolyutsiyasi) muvofiq ushbu tashkilotga a’zo davlatlar 2010 yildan kechiktirmay egalarining shaxsiy biometrik parametrlari va belgilangan ma’lumotlari haqida elektron axborot jamlangan hamda yuqori himoya darajasiga ega fuqaro pasportlarining joriy etilishini ta’minlashi shart.

Biometrik ma’lumotlarga ega pasportlar xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasi xavfsizligini ta’minlash, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi himoya darajasini oshirish, davlat chegarasidan o‘tishda shaxsni tezkor va aniq identifikatsiyalash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro aviatashishlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida tayyorlangan biometrik parametrli pasportlar joriy etilgan.

IKAO a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida aviatashishlar xavfsizligini ta’minlash, aviatsiya texnikasining ishonchliligi va xalqaro bozordagi raqobatbardoshliligini oshirish, aviatransport xizmatlaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun maksimal qulayliklar yaratish, aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, ushbu sohada kadrlar tayyorlash va boshqa tadbirlar borasida tizimli va izchil ish olib borilmoqda.

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda elektron ko‘rinishdagi ma’lumotlarga ega O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportlarini joriy qilish bilan bog‘liq zarur chora-tadbirlar olib borilmoqda. Avvalo, biometrik pasport amalda bo‘lgan bir qator mamlakatlar tajribasi o‘rganib chiqildi.

Aytish joizki, milliy pasport tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ichki ishlar idoralariga bir qator vazifalar yuklatilgan. Hozirgi kunda 2010 yildan kechiktirmay egalarining shaxsiy biometrik parametrlari va belgilangan ma’lumotlari haqida elektron axborot jamlangan hamda yuqori himoya darajasiga ega fuqaro pasportlarining joriy etilishini ta’minlash maqsadida tegishli idoralar bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Aholining amaldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini biometrik pasportga bosqichma-bosqich almashtirish tartibi tasdiqlandi. Birinchi bosqichda (2010 yil) respublika vazirliklari, idoralari va muassasalari xizmatchilariga, xorijga chiqayotgan yoki chet eldagi, jismoniy shaxslar, shuningdek, muayyan yoshga to‘lgan yoki qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra pasport olayotgan fuqarolar, ikkinchi bosqichda (2011-2015 yillar) – boshqa fuqarolar yangi pasport bilan ta’minlanadi.

Biometrik pasportlar markazlashgan holda rasmiylashtiriladi va ularning hisobini samarali yuritish bilan bog‘liq ishlar ham qonunchilikda belgilangan tartib bo‘yicha amalga oshiriladi.

Yangi namunadagi pasportni olish uchun fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududiy ichki ishlar idoralariga, xorijda yashayotgan fuqarolarimiz tashqi ishlar vazirligining xorijdagi konsullik vakolatxonalariga ariza bilan murojaat qiladilar. Ushbu arizalar asosida biometrik pasport tayyorlash uchun Davlat personallashtirish markaziga biometrik ma’lumotlar yuboriladi. Mazkur markaz buyurtma asosida fuqaroga biometrik pasport rasmiylashtiradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining barcha hududiy, jumladan, tuman va shahar ichki ishlar idoralarida xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari ma’muriy binolarida biometrik pasport bilan bog‘liq masalalarni hal etuvchi xodimlar uchun xonalar ajratildi. Ular zamonaviy jihozlar, zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Sohaga malakali kadrlarni jalb etish masalasi ham alohida e’tiborda. Tegishli o‘quv dargohlarida ularni tayyorlash va malakasini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Egalarining shaxsiy biometrik parametrlari va belgilangan ma’lumotlari haqida elektron axborot jamlangan hamda yuqori himoya darajasiga ega fuqaro pasportlarining joriy etilishi mamlakatimiz milliy pasport tizimining yanada takomilini ta’minlab, bu borada yurtimizning xalqaro andozalarga moslashuviga xizmat qiladi. Bunday chora-tadbirlar fuqarolarimizga nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham keng qulayliklar yaratishi shubhasiz.

 foto: gazeta.uz

Manba:O’zA 


December 2020
M T W T F S S
« Apr    
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031  

Архив статей